Change language

Qoidalar

Qoidalar

1. Ishtirok etish

Náboj o‘rta maktab o‘quvchilari uchun jamoaviy musobaqadir. Jamoalar to‘rt yoki besh a’zodan iborat bo‘ladi. Har bir jamoa a’zolari bitta maktabdan bo‘lishi shart. Musobaqada ikkita toifa mavjud: O’smirlar (Junior) va Kattalar (Senior). O’smirlar toifasiga kiruvchi o‘quvchilar bitiruvchi sinf va undan oldingi sinf o‘quvchilari bo‘lmasligi kerak. Kattalar toifasidagi jamoalar har qanday yoshdagi maktab o‘quvchilaridan tuzilishi mumkin.

2. Ro‘yxatdan o‘tish.

Maktablar musobaqa veb-saytida ro‘yxatdan o‘tish muddati tugagunga qadar yoki ishtirokchilar soni to‘lgunga qadar ro‘yxatdan o‘tadilar. Barcha zarur ma’lumotlar, sanalar, ro‘yxatdan o‘tgan jamoalar va umumiy ishtirokchilar haqidagi ma’lumotlar tegishli veb-saytga joylashtirilgan. Ro‘yxatdan o‘tish jarayonida jamoa musobaqada qatnashadigan joyini tanlaydi. Boshqa davlatdan turib musobaqada qatnashish mumkin emas. Ro‘yxatdan o‘tish musobaqadan ikki hafta oldin boshlanadi va har bir maktab istalgan miqdordagi jamoalarni ro‘yxatdan o‘tkazishi mumkin, ammo har bir toifadan faqatgina dastlabki uchta jamoa musobaqaga qabul qilinadi (agar joylar to‘lmagan bo‘lsa), qolgan jamoalar esa kutish ro`yxatiga olinadi. Ro‘yxatdan o‘tish musobaqadan ikki kun oldin yakunlanadi. Agar shu vaqtga kelib joylar to‘lmagan bo‘lsa va kutish ro‘yxati bo‘sh bo‘lmasa, qolgan barcha jamoalar qabul qilinadi, ya’ni har bir maktabning to‘rtinchi jamoasi, keyin beshinchi, oltinchi va hokazo qabul qilinadi.

3. Wild Card

Har bir musobaqa o`tkaziladigan joy Wild Card (maxsus ruxsatnoma) berishi mumkin. Wild Card olgan maktabning ro‘yxatdan o‘tgan ikkinchi jamoasi (bir toifada) birinchi ro‘yxatdan o‘tish bosqichida musobaqaga qabul qilinadi. Joriy yil uchun Wild Card olgan maktablar ro‘yxati ro‘yxatdan o‘tish boshlanishidan oldin musobaqa veb-saytida e’lon qilinadi.

4. Musobaqa boshlanishi

Musobaqa ishtirokchilari musobaqa joyiga o‘z vaqtida yetib kelishlari va tashkilotchilarning ko‘rsatmalariga rioya qilishlari shart. Musobaqa boshlanishidan oldin har bir jamoa birinchi oltita masalani o‘z ichiga oluvchi muhrlangan konvertni oladi. Konvert faqat tashkilotchilarning ruxsati bilan ochilishi lozim; shu bilan musobaqa boshlanadi.

5. Masalalarni yechish

Ishtirokchilar o‘zlarida mavjud bo‘lgan oltita masaladan istalgan birini ishlashadi; javob odatda bitta sondan iborat bo‘ladi. Jamoa natija to‘g‘ri ekanligiga ishonch hosil qilganida, jamoa a’zolaridan biri nazorat punktiga borib, masala shartida ko‘rsatilgan natija yozilgan qog‘ozni taqdim etadi. Nazorat punktida natija tekshiriladi va agar to‘g‘ri bo‘lsa, tekshiruvchi tomonidan belgilanadi. Yechimlarni taqdim qilish soni cheklanmagan; biroq, uchinchi muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, Tekshiruvchi ishtirokchidan javobning o`zidan tashqari to‘liq yechimni taqdim etishni talab qilishi mumkin.

6. Tekshiruvchilar va masala almashuvchilar

Nazorat punktida bir nechta tekshiruvchi bo‘ladi va har bir tekshiruvchi faqat ma’lum masalalarni tekshiradi; batafsil ma’lumotlar musobaqa boshlanish jarayonida tushuntiriladi. Agar bir vaqtning o‘zida bir tekshiruvchiga bir nechta ishtirokchi kelsa, ular kelish tartibida qabul qilinadi. Tekshiruvchi tomonidan to‘g‘ri deb belgilangan javob yozilgan qog‘oz Masala Almashuvchilar stoliga topshiriladi. Faqat Masala Almashuvchilarga topshirilgan va belgilangan masalalar yechilgan hisoblanadi. Topshirish bilan birga jamoa yangi masala oladi. Bu jarayon vaqt chegarasi tugagunga yoki barcha mavjud masalalarni yechib bo‘lgunga qadar davom etadi. Masalalar soni musobaqa boshlanishidan oldin e’lon qilinadi.

7. Musobaqa yakuni

Musobaqa ikki soat davom etadi. Belgilangan vaqt tugagandan so‘ng, nazorat punktida navbatga turish imkoniyati bo‘lmaydi. Navbatda turgan ishtirokchilar o‘z yechimlarini tekshirish uchun taqdim etishlari mumkin. Qabul qilingan masalalar belgilangan vaqtda topshirilgan deb hisoblanadi va ularning ishlari qabul qilinadi.

8. G‘olib

Har bir toifada eng ko‘p masalani yechgan mahalliy jamoa g‘olib deb topiladi. Agar bir nechta jamoa bir xil miqdordagi masalalarni yechgan bo‘lsa, g‘olib eng yuqori tartib raqamiga ega bo‘lgan masalani yechgan jamoa bo‘yicha aniqlanadi. Agar ikki yoki undan ortiq jamoada bu son bir xil bo‘lsa, ikkinchi eng yuqori tartib raqamiga ega bo‘lgan masalani yechgan jamoa g‘olib deb topiladi va hokazo. Agar jamoalar bir xil masalalarni yechgan bo‘lsa, g‘oliblik tartibi yechimlarni topshirish vaqtiga qarab aniqlanadi. Agar bu vaqt bir xil bo‘lsa, oxirgi masaladan oldingi masalani topshirish vaqtiga qarab belgilanadi. Xuddi shu usul milliy va xalqaro natijalarni aniqlashda ham qo‘llaniladi.

9. Ruxsat etilgan vositalar

Oddiy yozish va chizish asboblari ruxsat etilgan. Har qanday turdagi elektron qurilmalar (kalkulyatorlar, noutbuklar va hokazo), mobil aloqa vositalari (mobil telefon, internet va hokazo) shuningdek har qanday adabiyotlar yoki oldindan yozib olingan qo`llanmalar taqiqlangan. Faqatgina jamoa a’zolari o‘rtasida muloqot qilishga ruxsat etilgan.

10. Qoidalar nizomi

Ushbu qoidalar musobaqa joyidan qat’i nazar barcha ishtirokchi jamoalar uchun majburiydir. Ro‘yxatdan o‘tish orqali jamoa qoidalarni o‘qiganligi, tushunganligi va musobaqa davomida ularga rioya qilishini tasdiqlaydi. Qoidalarga rioya qilmaslik jamoaning musobaqadan chetlashtirilishiga olib kelishi mumkin.